“Gender tenglik faoli” milliy tanlovida ishtirok eting
0 ko'rilgan
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi e’lon qilindi.
Tanlovning maqsadi — tashkilotlarda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ‘ib qilish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va gender tenglikka erishish masalalariga jamoatchilik e’tiborini yanada keng jalb etish.
Tanlovda gender tenglikni ta’minlash sohasida yuqori natijalarga erishgan, ushbu yo‘nalishda jamiyat rivoji uchun tashabbus ko‘rsatayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish hamda o‘z faoliyat yo‘nalishidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirayotgan:
— vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy tuzilmalari;
— nodavlat notijorat tashkilotlari;
— hokimliklar;
— tadbirkorlik subyektlari;
— ommaviy axborot vositalari ishtirok etishi mumkin.
Tanlov 7 ta asosiy va 1 ta qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha o‘tkaziladi.
Shahrisabz shahridagi tashkilot va muassasalarni “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining shahar bosqichida faol ishtirok etishga chorlaymiz! Arizalar 2026-yil 30-sentabrga qadar qabul qilinadi. Murojaat uchun telefon: 91 320 43 71
Tanlovda faol ishtirok eting va gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan ilg‘or tashabbuslaringizni namoyon eting!
