Ishlab chiqarish amaliyoti
0 views

Shahrisabz Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi hamshiralik ishi yo‘nalishi 3-kurs o‘quvchilarining ishlab chiqarish amaliyoti belgilangan tibbiyot muassasalarida tashkil etilib, amaliyot jarayonlari joylarga chiqib o‘rganilmoqda. Mazkur amaliyot davomida o‘quvchilar nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, bemorlar bilan ishlash madaniyatini shakllantirish hamda zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
Ishlab chiqarish amaliyoti davomida o‘quvchilar tajribali shifokor va hamshiralar rahbarligida bemorlarga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, muolajalarni bajarish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, hujjatlar bilan ishlash hamda kasbiy etikaga amal qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etmoqdalar. Shuningdek, ular poliklinika va shifoxonalarning turli bo‘limlari faoliyati bilan tanishib, hamshiralik ishining mas’uliyati va ahamiyatini chuqur anglab bormoqdalar.
Amaliyot jarayonlarini o‘rganish davomida o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash, ularning kasbiy tayyorgarlik darajasini aniqlash hamda amaliyot sifatini yanada oshirish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda. Bu kabi amaliy mashg‘ulotlar kelajakdagi malakali o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Texnikum rahbariyati tomonidan ishlab chiqarish amaliyotining samarali tashkil etilishi, o‘quvchilarning xavfsizligi va sifatli bilim olishi doimiy nazoratga olinib, hamkor tibbiyot muassasalari bilan yaqindan hamkorlik olib borilmoqda.
