Prezidentimiz “Pearson” xalqaro ta’lim dasturi joriy etilgan texnikumda bo‘ldi
0 ko'rilgan
Davlatimiz rahbarining joriy yil 17-iyuldagi “Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mazkur texnikumda Buyuk Britaniyaning “Pearson BTEC” xalqaro ta’lim dasturi joriy etildi.
Dunyoning 70 ta mamlakatida qo‘llanilayotgan ushbu dastur O‘zbekistonda ilk bor mazkur texnikumda yo‘lga qo‘yildi.
Natijada 240 o‘rinli zamonaviy ustaxonalar yaratildi. Texnikumda jami 1 ming 203 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Bu yerda dual ta’limni yo‘lga qo‘yib, hudud iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan. Xalqaro dastur bitiruvchilariga 70 dan ortiq davlatda tan olinadigan diplom beriladi.
Asosiy fanlar ingliz tilida o‘qitilib, o‘quv-uslubiy materiallar ham shu tilda taqdim etilmoqda. Bu o‘quvchilarning kasbiy bilimlari bilan birga sohaviy til ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Amaliy tayyorgarlik natijasida bitiruvchilarning xorijda ishlash imkoniyatlari kengaymoqda.
Joriy yilda texnikumda payvandchilik bo‘yicha o‘qitilgan 25 nafar ishsiz fuqaro Estoniyaga ishga yuborildi. Ular oyiga 3 ming yevrogacha ish haqi olmoqda.
Shuningdek, tashkil etilayotgan 40 million dollarlik sanoat zonasi uchun zarur mutaxassislarni mazkur texnikumda tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Davlatimiz rahbari texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xalqaro mehnat bozorida malakali kadrlarga talab ortib borayotgani qayd etilib, o‘quv jarayonlarini ish beruvchilar ehtiyojlariga muvofiq tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
